Jan 24, 08:37
7 - dekabr Xalqaro fuqaro aviatsiyasi kuni

7 - dekabr Xalqaro fuqaro aviatsiyasi kuni (International Civil Aviation Day) sifatida har yili keng nishonlanadi. Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) ushbu kunni bayram sifatida nishonlash tashabbuskori bo‘lib hisoblanadi.

1944 - yil 7- dekabr kuni Chikago (AQSh)da 52 davlat ishtirokida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risida konvensiya imzolangan. BMT Bosh Assambleyasining 1996-yil 6 -dekabrdagi 51/33-sonli rezolyutsiyasi bilan ushbu sana Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi kuni deb e’tirof etilgan.

Xalqaro fuqaro aviatsiyasi kuni bayramini nishonlashdan maqsad keng jamoatchilikka sohadagi yutuqlar haqida axborot berish, davlatlarning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishida fuqaro aviatsiyasining qo‘shayotgan hissasini ko‘rsatish, turli qit’a, mamlakat va madaniyatlarni o‘zaro bog‘lashda, shuningdek, butun insoniyat uchun xizmat qiluvchi tezkor global transport tarmog‘ini yaratishda IKAOning noyob roli to‘g‘risida xabardor etishdan iboratdir.

Mazkur sanani har besh yilda muayyan masalalarga bag‘ishlash an’anaga aylangan. 2019–2023 yillar davomida ushbu sana “Aviatsiyaning global rivojlanishi uchun innovatsiyalarni joriy etish” shiori ostida o‘tmoqda.

Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyoda havo qatnovlari orqali 4 milliard nafardan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi. Aviaqatnovlar har yili dunyo iqtisodiyotiga 2,7 trln AQSh dollari miqdorida daromad keltiradi.

Boshqalar