20-mart kuni Andijon xalqaro aeroporti "Silk Avia" aviakompaniyasining birinchi US601 yo‘lovchi reysini qabul qildi. Bortida 63 yo‘lovchi bo‘lgan samolyot Toshkent vaqti bilan soat 12:13 da qo‘ndi. An’anaga ko‘ra, samolyot suv arkasi bilan, yo‘lovchilar esa karnay va surnay sadolari ostida kutib olindi.
Avval xabar qilinganidek, aeroport reyslarni qabul qilishni boshladi. Ayni paytda "Silk Avia" Toshkentdan Andijonga ATR-72-600 samolyotlarida haftasiga ikki marta seshanba va payshanba kunlari parvozlarni amalga oshiradi. Kelgusida xalqaro reyslarni qayta tiklash ham rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 15-mart kuni aeroportda rekonstruksiyaning birinchi bosqichi yakunlanib, uning doirasida aerodrom majmuasining salmoqli qismi, jumladan, uzunligi 3300 metr va eni 60 metr bo'lgan 4E toifadagi yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, bitta yurish yo‘lagi va 3 ta samolyot to‘xtash joyiga ega perron qurilishi yakunlandi.