Feb 02, 13:57
Buxoro aeroportida zilzila oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi

Buxoro xalqaro aeroporti hududida zilzila oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha boshqaruv xodimlari va fuqaro muhofazasi bo‘linmalarining tayyorgarlik darajasini oshirishga qaratilgan maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. O‘quv mashg‘ulotlari Buxoro viloyati favqulodda vaziyatlar hamda hamkor mutasaddi fuqaro muhofazasi tuzilmalari bilan birgalikda o‘tkazildi.

 

Mashqlar davomida Afg‘oniston shimolida 6-7 magnitudali zilzila simulyatsiya qilingan. Aeroport dispetcherlik xizmatlari seysmik faollik toʻgʻrisida maʼlumot olgandan soʻng, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf haqida zudlik bilan xabar berishdi va barcha harakatlarni muvofiqlashtirishga kirishdi. O'quv mashg'uloti rejasiga ko'ra, zilzila elektr liniyalarining uzilishiga va yong'inga olib kelgan. Aeroport avariya-qutqaruv xizmati xodimlari oʻz vaqtida yongʻinni oʻchirish, jabrlanganlarni evakuatsiya qilish, birinchi tibbiy yordam, shuningdek, aeroport hududida xavfsizlikni taʼminlash ishlarini olib bordi. Mashqning barcha bosqichlari sinchkovlik bilan ishlab chiqildi va so'ngida batafsil tahlil qilindi.

 

O‘quv tadbirlariga jami 122 kishi, jumladan aeroport xodimlari va Buxoro viloyati favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari hamda 15 ta maxsus texnika jalb qilindi. O‘quv mashg‘ulotlari yakunlariga ko‘ra Buxoro xalqaro aeroportining fuqaro muhofazasi tuzilmalari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilishga to‘liq tayyor deb topildi.

Boshqalar