Aug 12, 00:40
Statistika qoʼmitasi xorijiy mamlakatlarga koʼchib ketgan oʼzbekistonliklar sonini maʼlum qildi

2020 yilning yanvar-iyun oylarida Respublika boʼyicha koʼchib kelganlar soni 78,8 ming kishini (78,2 ming kishi Respublika hududlaridan, 0,6 ming kishi xorijiy mamlakatlardan), koʼchib ketganlar soni esa 82,9 ming kishini (78,2 ming kishi Respublika hududlariga, 4,7 ming kishi xorijiy mamlakatlarga) tashkil etdi.

Davstatqoʼm xabariga koʼra, migratsiya saldosi minus 4,1 ming kishi boʼlib, 2019 yilning mos davrida minus 4,0 ming kishi boʼlgan.

Migratsiya saldosining yuqori darajasi Qashqadaryo (minus 12,1 ming kishi), Buxoro (minus 4,6 ming kishi), Surxondaryo (minus 3,4 ming kishi) va Samarqand (minus 3,2 ming kishi) viloyatlarida qayd etildi.

Migratsiya saldosining ijobiy darajasi Toshkent shahrida (plyus 34,0 ming kishi) kuzatildi.

Oʼzbekiston Respublikasiga xorijiy mamlakatlardan koʼchib kelganlarning asosiy qismi Qozogʼiston Respublikasi (jami xorijdan koʼchib kelganlarga nisbatan 32,2 foiz), Tojikiston Respublikasi (25,1 foiz), Rossiya Federatsiyasi (21,5 foiz), Qirgʼiziston Respublikasi (6,4 foiz), Turkmaniston Respublikasi (1,6 foiz) va boshqa mamlakatlar (13,2 foiz) hissasiga toʼgʼri keldi.

Oʼzbekiston Respublikasidan xorijiy mamlakatlarga koʼchib ketganlarning asosiy qismi Qozogʼiston Respublikasi (jami xorijga koʼchib ketganlarga nisbatan 58,8 foiz), Rossiya Federatsiyasi (36,9 foiz), Isroil (0,8 foiz), Qirgʼiziston Respublikasi (0,6 foiz), Tojikiston Respublikasi (0,4 foiz) va boshqa mamlakatlar (2,5 foiz) hissasiga toʼgʼri keldi.

2020 yilning yanvar-iyun oylarida xorijiy mamlakatlardan koʼchib kelganlar soni Respublika boʼyicha jami 577 kishini tashkil etdi. Hududlar boʼyicha eng koʼp kelganlar soni Toshkent viloyati (197 kishi), Toshkent shahri (170 kishi) va Qoraqalpogʼiston Respublikasi (67 kishi) hissasiga toʼgʼri keladi.

2020 yilning yanvar-iyun oylarida xorijiy mamlakatlarga koʼchib ketganlar soni Respublika boʼyicha jami 4 710 kishini tashkil etdi. Hududlar boʼyicha eng koʼp ketganlar soni Qoraqalpogʼiston Respublikasi (1460 kishi), Toshkent viloyati (1274 kishi) va Toshkent shahri (1132 kishi) hissasiga toʼgʼri keladi.

Hududlar kesimida 2020 yilning yanvar-iyun oylarida xorijiy migratsiyaning minus saldosi Qoraqalpogʼiston Respublikasida - 1393 kishi, Toshkent viloyatida - 1077 kishi, Toshkent shahrida - 962 kishi va Navoiy viloyatida - 185 kishini tashkil etib, boshqa hududlarga nisbatan yuqori koʼrsatkichni qayd etdi.

manba: kun.uz

Boshqalar