“Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati va Toshkent aeroporti rahbariyati Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Ikki tomonlama uchrashuvning asosiy mavzulari Oʻzbekiston aeroportlari va fuqaro aviatsiyasini rivojlantirishning yagona strategiyasini ishlab chiqish, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish va xodimlarni tayyorlash boʻldi. IATA vakillari, o‘z navbatida, bir qator masalalar, jumladan aeroport xodimlarining turli toifalari uchun treninglar tashkil etish bo‘yicha yordam ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
IATAning Yevropadagi mintaqaviy vitse-prezidenti Rafael Shvartsman O‘zbekistonda aviatsiya sanoatining sezilarli rivojlanish dinamikasini alohida e'tirof etdi, shuningdek, mamlakat fuqaro aviatsiyasining IATA siyosati va standartlariga muvofiqligini yuqori baholadi.
Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) shtab-kvartirasi Monrealda (Kanada) joylashgan xalqaro nodavlat tashkiloti boʻlib, 1945-yilda dunyo isteʼmolchilari manfaati uchun xavfsiz, ishonchli va tejamli havo qatnovlarini targ’ib qilish maqsadida aviakompaniyalar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun tashkil etilgan.